Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda
transport-komunikatsiya tizimini tubdan isloh qilishga, yangi yo‘llar
barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yo‘lsozlarimiz sa’y-harakati
bilan xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatiga molik avtomobil
yo‘llarida beto‘xtov, xavf-xatarsiz transport qatnovi ta’minlanmoqda.
Shahar va qishloqlarimizni tutashtirgan minglab kilometr uzunlikdagi
keng va ravon yo‘llar, ulkan ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar xalqimiz
bunyodkorlik salohiyatidan dalolat berib turibdi.
Shuning barobarida mamlakatimiz avtosanoati ham yildan-yilga
rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan
Asaka va Samarqand avtomobil zavodlarida zamonaviy standartlarga javob
beradigan, qulay, xavfsiz va tejamkor, jahon bozorida raqobatbardosh
yengil avtomobillar, avtobuslar va yuk mashinalari ishlab
chiqarilayotgani bunga yorqin misoldir. Bugungi kunda jahon bozorida
o‘zining mustahkam o‘rnini topgan o‘zbek avtomobillariga xorijlik
iste’molchilarning qiziqishi tobora oshib borayotgani faxr-iftixor
hissini uyg‘otadi.